Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi pulli avtomobil yo‘lining narxi 4,65 milliard dollariga baholanmoqda. Bu haqda 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.

Infratuzilmaviy investitsiya loyihalariga bag‘ishlangan panel sessiyasida so‘zga chiqqan transport vaziri o‘rinbosari pulli avtomobil yo‘li loyihasi bo‘yicha ishlar deyarli yakuniga yetib qolganini aytdi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini iyun oyi oxirigacha tugatish rejalashtirilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt va Farg‘ona vodiysi viloyatlarini bog‘laydigan yo‘lning umumiy uzunligi 314 kilometrni tashkil etadi.

Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li loyihasi 2019-yildan buyon muhokama qilinmoqda. 2021-yilda uning qiymati 2 mlrd dollardan oshishi xabar qilingandi. So‘ngra Jahon banki vakillari avtomagistraldan yengil avtomashinalarning foydalanish narxi so‘m ekvivalentida 5−7 dollar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun esa so‘m ekvivalentida 15 dollarga teng bo‘lishini hisoblab chiqqan.

Shuningdek, Jasurbek Choriyev O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokistonni bog‘laydigan hamda Hind okeani portlaridan Markaziy Osiyoga yuklarni yetkazib berish muddatini 35 kundan 5 kunga qisqartirishi lozim bo‘lgan trans-afg‘on temiryo‘li loyihasini ham eslatib o‘tdi.

“Tovarlarni yetkazib berish narxi kamida 40 foizga pasayadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda”, — dedi u.

Choriyev yana bir muhim loyiha sifatida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishini qayd etdi. 454 km uzunlikdagi yo‘nalish loyihasi 5,1 mlrd dollarga baholanmoqda.

Bundan tashqari, Samarqand tajribasidan kelib chiqib, Urganch aeroporti boshqaruvini davlat-xususiy sheriklik doirasida o‘tkazish rejalashtirilmoqda, dedi vazir o‘rinbosari.